Yakkabog‘ tumanida qalbaki dori vositalarini sotayotgan shaxslar ushlandi

20.02.2024 444

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan bojxona boshqarmasi hamda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Qashqadaryo bo‘linmasi xodimlari bilan hamkorlikda Yakkabog‘ tumani “Janbul” MFY hududida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro S.B. fuqaro A.A.ga “Banksef”, “Zanasef”, “Gansef” va “Gandsef” nomli jami 3 767 dona qalbaki dori vositalarini 54 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, ushbu dori vositalarini kelib chiqish manbasini aniqlash maqsadida davom etgan tadbirda, boshqa bir fuqaro L.D. fuqaro S.B.ga ushbu dori vositalarini 26 mln so‘mga sotganligi aniqlanib, uning xonadonidagi yordamchi xo‘jaligidan umumiy bahosi 1,3 mlrd so‘mlik jami 14 909 dona qalbaki dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati